Hayotingizga Jitter qo‘shing
Jitter so‘zini ko‘pchiligimiz eshitmagan bo‘lsak kerak.
Ha, to‘g‘ri, bu so‘z “jitir-jitir” so‘ziga o‘xshaydi. Aslida ham ma’nosi shu so‘zga juda yaqin, deyarli bir xil. Keling, men sizga Jitter nimaligini tushuntirib beray.
Ko‘pchiligimiz radio eshitganmiz, to‘g‘rimi? Radiodagi dasturni yoki musiqani mazza qilib eshitayotganingizda o‘rtada (vshu-vshu-vshu) degan yoqimsiz shovqin eshitiladi, ya’ni bir tekis kelayotgan radio to‘lqiniga qo‘shilib qolgan Jitter (jitir-jitir)lar. Buni o‘qib aytishingiz mumkin:
“Qo‘ysangchi Anvar, hayotimizga sen aytgan narsaning qanday aloqasi bor,” - deb.
Keling, bu haqida ham sizga aytib beraman.
Buning uchun ikkita misol olamiz:
-
Oramizda yotoqxonada turadigan talabalar bor.
Talabalarning darsi ertalab 08:30 da deb olaylik, ko‘pchilik talabalar tayyorgarlik va yo‘lga ketadigan vaqtni hisobga olib soat 07:00 ga budilnik qo‘yishadi, to‘g‘rimi? Ya’ni ko‘pchilikning budilnigi deyarli bir vaqtda jiringlaydi va hamma o‘sha vaqtda uyg‘onib universitetga borish uchun harakatni boshlaydi. Natijada nima bo‘ladi?
Ertalab yuvinish uchun tiqilinch navbat. -
Ertalab 09:00 da ishga borishi kerak bo‘lgan odamlar va hammomda navbat kutib kechikkan haligi talaba soat 08:00 atrofida baravariga yo‘lga chiqishadi. Natija nima bo‘ladi?
Yo‘lda tirbandlik.
Yuqoridagi ikkita vaziyatni radio to‘lqini deb tasavvur qiling, hamma bir vaqtda bir tekisda harakat qilmoqda.
Agar hamma soat 07:00 ga budilnik qo‘yib uyg‘onsa, siz 06:45 yoki 07:20 da uyg‘oning. Yuvinish uchun navbat kutmaysiz. Hamma soat 08:00 da o‘qishga yoki ishga yo‘lga chiqsa, siz 07:35 yoki 08:15 da yo‘lga chiqing -- qarabsizki, na hammomda navbat kutasiz va na yo‘lda tirbandlikda qolasiz.
Shunda siz hamma harakatni boshlaydigan vaqtga qo‘shgan 15-25 daqiqangiz Jitter bo‘ladi. Shaxsan o‘zim ham kundalik hayotimda Jitterlar qo‘shaman.
-Xo‘sh, Jitter shumi?
-Faqat tirbandlikda qolmaslik yoki hammomda navbat kutmaslik uchun ishlatiladi, xolosmi?
Yo‘q albatta, Jitterdan yanada kengroq usulda foydalansa bo‘ladi!
Misol tariqasida bir holatni gapiraman. Deylik, siz bir kasbning mutaxassisi bo‘lmoqchisiz, masalan, o‘qituvchi. Siz matematika fani o‘qituvchisi bo‘lish uchun tayyorlanyapsiz va matematikani chuqur o‘rganyapsiz. Atrofingizda sizga o‘xshash, matematikani chuqur o‘rganyotgan va o‘qituvchi bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rayotganlar (oqimda ketayotganlar) ko‘p. Ish topishga kelganda esa nima bo‘ladi?
Matematikani biladigan o‘qituvchilar juda ko‘p, ammo ularga talab kam. O‘quv markazida yoki maktabda matematika o‘qituvchisi uchun bo‘sh bo‘lgan bir dona ish o‘rniga o‘ndan ortiq ishlash xohishi bor mutaxassislar hujjat topshirgan.
Xo‘sh, bu holatda qanday qilib Jitter qo‘shish mumkin?
O‘sha, hamma matematika o‘qituvchisi bo‘lish uchun tayyorlanib, matematikani chuqur o‘rganayotgan vaqtda siz ingliz tilini ham qo‘shib o‘rganing. Natijada siz SAT matematikasidan dars berishingiz mumkin. Hozirda SATga talab yuqori va maosh ham shunga yarasha, buni bilasizlar. Mana shu holatda siz qo‘shimcha o‘rgangan ingliz tili - Jitter bo‘ladi.
Bundan boshqacharoq qilib ham ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, hamma dasturlashni o‘rganyotgan vaqtda siz bunga qo‘shimcha qilib iqtisodiyotni o‘rganing (huddi men kabi 😁).
Yoki o‘ylab ko‘ring, bir kasb turli tarmoqlarga bo‘linib ketgan. Ko‘pchilik hozirgi davrda talab eng ko‘p bo‘lgan tarmoqqa o‘zini uradi. Siz esa o‘sha vaqtda kasbda e’tibor kam, ko‘pchilik tomonidan talab past deb qaralgan tarmoqni ham chuqur o‘rganing - baribir u tarmoq uchun ham mutaxassis kerak, to‘g‘rimi?
Xullas, hayotda nima qilishingizdan qat’i nazar - Jitter qo‘shing.
Uni nimada va qanday qo‘shish - bu sizga bog‘liq.