Qishloq
Bundan 3 yil oldin qish vaqtlari edi. Sovuq kunlarning birida shomdan keyin qishloq oralab IELTS darsiga bordim. Dars qilishimiz uchun shinamgina xona, bir olam kitoblar bor, xonani bitta lampochka sal xiraroq yoritadi, tashqarida izg'irin sovuq...
Ha to'g'ri, guruhimiz unchalik ham katta emas, faqat men, o'qituvchim va yana Asila ismli bir qiz bor edi.
- O'sha vaqtlarda va hozir ham IELTS ustozimga bo'lgan hurmatim juda baland. U kishining bilim, dunyoqarash va o'z ustida ishlash kabi hislatlaridan o'rnak olsa arziydigan. Har doim darsdan keyin darsga taaluqli bo'lmagan ko'p savollarni berardim, ustozimdan maksimal darajada bilim va tajribalarini olishga harakat qilardim.
Menda doimo bir qoida bo'lgan: Qachonki siz qanday holat bo'lishidan qat'iy nazar ustozingiz hurmatini joyiga qo'ysangiz, ustozingiz aytgan har bir nasihatni mahkam ushlasangiz va ustozingizga qahramonga qaragandek qarasangiz u kishi siz uchun qahramon bo'ladi.
Endi yana qish kunlariga qaytamiz. O'sha kuni o'zim yoshligimdan ishlashni orzu qilib kelgan Google kompaniyasi haqida ustozimga savol berdim:
-Sayyora opa?
-Ha.
-Google'da ishga kirish qiyinmi nima deysiz?
-Ha qiyin, lekin imkonsiz emas.
-Google'da ishlaydigan o'zbeklar ham bormi?
-Ha bir ikkita o'zbeklarni bilaman.
-Qayerdan ko'rgansiz, ismi nima?
O'shanda ustozim YouTube'ni ochib ikkitacha O'zbekistonlik google'da ishlaydigan o'zbeklarni intervyularini ko'rsatganlar. O'shanda to'g'risi o'zbeklar google'da ishlashi hayolimga ham kelmagan va ustozim bergan ma'lumotlardan hursand bo'lganman. Ichimda "demak bu ish imkonsiz emas" deganman va endi mendagi ozru maqsadga aylangan edi. Lekin, yana bir narsa muammo bo'lib qolayotgan edi. Ya'ni "Men google'gacha bo'lgan yo'l haqida kimdan ma'lumot olaman? O'sha google'da ishlaydigan o'zbeklar bilan ko'risharmikanman?" kabi savollar miyyamda aylangan. Chunki hayolimdagi tarozining bir pallasiga o'sha bir chetda joylashgan, odamlari ilmdan qoloq bo'lgan, muammosi faqat svet bilan gaz bo'lgan jamiyatni, ikkinchi pallasiga Google'ni qo'yganman va natija ancha qo'rqinchli bo'lgan.
Lekin shunda ham ichimda bir umid hech qachon o'lmagan edi.
Mana oradan 3 yil o'tib Toshkentda o'tkazilgan Google'ning bir festivalida volontyor bo'ldim, bundan ancha hursand edim. Huddiki hayolimda google'ga bir qadam yaqinlashgandim. Lekin Alloh biz o'ylaganimizdanda ko'ra ko'prog'ini tayyorlab qo'ygan ekan.
DevFest
DevFest boshlandi, odam juda gavjum. Volontyorlar bir xil kiyimda bo'lganimizga qaramay 3 mingta odam ichida bir-birimizni zo'rg'a topyapmiz. Qarangki o'sha gavjum olomon ichidan kutilmaganda Azimjon Pulatov chiqib keldi. Azimjon aka google'da ishlagani uchun anchadan beri kuzatib kelardim.
Ayniqsa G'azo uchun qilgan 12 soatlik jonli efiri va undan tushgan pulni 2x qilib google'ga tashlagani va google Azimjon aka tashlagan pulni yana 2x qilib, umumiy hisobda 4x qilib G'azoga jo'natgani haqidagi xabarni o'qiganimdan keyin ancha hurmatim oshgan.
Xullas Azimjon aka tashqariga chiqishi bilan atrofini gavjum odamlar o'rab oldi, men ham bir chetdan Azimjon aka tarafga qarab bordim. O'sha vaqta GDG Uzbekistan loyiha rahbari Nuriddin aka odamlarga qarab: "Tarqalinglar, Azimjon 20 daqiqadan keyin sahnaga chiqadi, yo'l beringlar" - dedi. Odamlar shunda ham tarqalmadi, keyin to'satdan Nuriddin akani ko'zi oq kiyimli volontyorga ya'ni menga tushdi. Va menga qarab: "Azimjonga siz qarab yuring, iltimos" - dedilar. Va o'shanda mendan baxtli odam yo'q edi.
O'sha kuni butun tadbir davomida Azimjon aka bilan birga yurdim, DevFestda Azimjon aka bilan ishtirokchilardan ham ko'ra ko'proq men gaplashdim, yoshligimdan beri o'zimda yig'ilib kelgan savollarni hammasini kuni bo'yi so'rab bordim. Yana qo'shimchasiga kuni bo'yi Azimjon aka bilan yurganim uchun ishtirokchilardan kelgan savollar va ularga berilgan javoblarni ham hammasini eshitib o'rgandim. Azimjon aka meni eslab qoldilar, birga rasmga tushdik, kontakt almashdik va tadbir oxirida: "Rahmat, bugun qattiq ishladingiz" - dedilar. Keyin mahkam qo'l siqishib xayrlashdik, taksigacha kuzatib qo'ydim...
Eski xotira
Keyin to'satdan hayolimga 3 yil oldingi ustozim bilan bo'lgan suhbat va ichimdagi niyyatim yodimga tushdi...
Subhanalloh. Amallar niyyatlarga bog'liq degan gap haqiqat ekan, siz niyyatingizni yaxshi qilavering Alloh hammasini ijobat qilar ekan. Va yana bir gap, Allohga qilgan duolaringizni Alloh ijobat qilganini anglaganingizda ichingizda shunaqangi bir hissiyot o'tadiki, uni so'z bilan ta'riflay olmadim. Va duolaringiz yuqorida yozilgan voqea kabi kutilmagan va eng go'zal holda ijobat bo'larkan.
3 yil oldin ichimda niyyat paydo bo'lishiga sababchi bo'lganingiz va juda kerakli bilim va ko'nikmalarni berganingiz uchun rahmat sizga Sayyora opa(:
Yozildi: 8-dekabr, 2024-yil.